O’zbekiston Respublikasi Prezidenti

Tarjimai hol

!11
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957-yil 24-iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981-yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990-yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992-yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001-yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003-yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.M.Mirziyoyev 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

Sh.M.Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslakdoshi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

Sh.M.Mirziyoyev Hukumat boshlig‘i sifatida keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, yirik va noyob loyihalarni hayotga joriy etish, xususiy mulkni ustuvor darajada rivojlantirish, iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish hamda ularning huquqiy himoyasini yanada mustahkamlashda o‘zining yuksak salohiyati va mohir tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etdi.

Mamlakat iqtisodiyotini industrial rivojlantirish, respublikaning eksport salohiyatini oshirish, agrar sohani tubdan isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini taraqqiy toptirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholini kafolatlangan va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash ishlariga ustuvor darajada e’tibor qaratdi.

Yurtimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini olib borish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, respublikaning shahar va tumanlari, ayniqsa, uzoq qishloq tumanlarini kompleks rivojlantirish orqali aholining turmush va mehnat sharoitini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli va samarali tadbirlarni amalga oshirdi.

Sh.M.Mirziyoyevning faoliyatida sotsial-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim o‘rin egalladi.

O‘zini o‘zi boshqarishning noyob instituti bo‘lgan mahallaning nufuzi va obro‘sini yanada oshirish, shuningdek, boshqa jamoat tashkilotlarini demokratik islohotlarga keng jalb etish orqali jamiyatda ularning mavqeini mustahkamlash, milliy ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va izchil rivojlantirish ishlariga yuqori darajada e’tibor qaratdi.

Qayd etilganlar bilan bir qatorda, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan har tomonlama o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish orqali mamlakatimizning milliy manfaatlariga va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan kelishuvlarga erishishda bevosita rahbarlik qildi.

2016-yil 8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

19-oktabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya siyosiy kengashi a’zosi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. 2016-yil 4-dekabr kuni bo’lib o’tgan Prezident saylovi yakunlari bo’yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016-yil 14-dekabrda rasman o’z vazifasini bajarishga kirishdi.

Sh.M.Mirziyoyev oilali, ikki qiz, bir o‘g‘li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Mirziyoyeva – mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda uy bekasi.

Sh.M.Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maqomi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIX bobida belgilab berilgan 

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti:

  • O‘zbekiston Respublikasida davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi;
  • fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir;
  • O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi;
  • mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi;
  • muzokaralar olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi;
  • o‘z huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi;
  • O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega;
  • respublika oliy hokimiyat va boshqaruv organlarining bahamjihat ishlashini ta’minlaydi; vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan tuzadi va tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi;
  • Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdim etadi hamda uni iste’foga chiqqanda, Bosh vazirga nisbatan bildirilgan ishonchsizlik votumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan qabul qilinganda yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda lavozimidan ozod qiladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkiblariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisi lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimiga binoan viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisini tayinlaydi va lavozimlaridan ozod etadi; O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining a’zolarini qonunga muvofiq tasdiqlaydi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi. Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini Prezident o‘z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli;
  • respublika davlat boshqaruvi organlarining va hokimlarning qabul qilgan hujjatlarini ular qonun hujjatlari normalariga nomuvofiq bo‘lgan hollarda to‘xtatadi, bekor qiladi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli;
  • O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini imzolaydi va e’lon qiladi; qonunga o‘z e’tirozlarini ilova etib, uni takroran muhokama qilish va ovozga qo‘yish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli;
  • O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qiladi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdig‘iga kiritadi;
  • favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qo‘mondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlar beradi;
  • O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorlig‘i bilan mukofotlaydi, O‘zbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini beradi;
  • O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal etadi;
  • amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnoma kiritadi va O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi;
  • Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, keyinchalik shu masalalarga doir farmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi;
  • Konstitutsiyaga va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo‘lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi;
  • Konstitutsiya va O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Qonunchilik palatasi yoki Senat tarkibida ularning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoxud ular bir necha marta O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda, shuningdek, Qonunchilik palatasi bilan Senat o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tarqatib yuborilishi mumkin.