Savol: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet elda pasportini yo‘qotib qo‘ysa yoki o‘sha davlatda uning huquqlari buzilsa, qayerga murojaat qilishlari kerak?

Javob: Yuqoridagi kabi holat sodir bo‘lgan taqdirda, fuqaro o‘sha davlatning tegishli idoralariga pasport yo‘qolgani (o‘g‘irlangani) to‘g‘risida xabar qilishi lozim.

Shundan so‘ng fuqaro O‘zbekiston Respublikasining o‘sha davlatdagi konsullik muassasasiga shaxsini tasdiqlash uchun murojaat qilishi kerak.

Agar fuqaro o‘rnatilgan tartibda chet elga doimiy yashashga ketgan va O‘zbekiston Respublikasining o‘sha davlatdagi konsullik muassasasida konsullik hisobida turgan bo‘lsa, unga pasport konsullik muassasasi tomonidan rasmiylashtirib beriladi.

Agar fuqaro O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatda turgan bo‘lsa, unga konsullik muassasasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib beriladi.

Agar fuqaro O‘zbekistonning elchixonasi yoki konsulxonasi mavjud bo‘lmagan mamlakatda bo‘lish vaqtida pasportini yo‘qotib qo‘ysa yoki huquqlari buzilsa ushbu mamlakat konsullik okrugiga kiruvchi davlatdagi O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasiga murojaat qilishi mumkin.