FRANSIYADA O’ZBEKISTON PREZIDENTI SAYLOVIGA TAYYORGARLIK MAVZUSI MUHOKAMA ETILDI

Mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasida “O’zbekistonda Prezident saylovi: 2016-yil saylov kampaniyasi” mavzusida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasining raisi Akmal Saidov ishtirokida davra suhbati bo’lib o’tdi.

Tadbirda Fransiyaning ijtimoiy-siyosiy va ekspert-tahliliy doiralari vakillari, jumladan, Yevropada xavfsizlik va istiqbolni belgilash instituti, Fransiya xalqaro munosabatlar instituti, Sobranna universiteti va Ilmiy tadqiqotlar milliy markazi, Tashqi siyosat masalalari bo’yicha tahlil markazi mutaxassislari hamda nodavlat tashkilotlar va OAV vakillari qatnashdilar.

Davra suhbati ishtirokchilari O’zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning borishi va saylov jarayonlarining xalqaro andozalarga mos bo’lishining huquqiy kafolatlari bilan tanishdilar. Saylov kampaniyasi mintaqaviy va xalqaro miqyosda katta e’tibor va qiziqish uyg’otayotgani qayd etildi. Mustaqil Davlatlar hamdo’stligi ijroiya qo’mitasi, Shanxay Hamkorlik tashiloti (ShHT), Islom Hamkorlik tashiloti (IHT), Butunjahon saylov organlari uyushmasi va ko’plab davlatlar O’zbekistonga kuzatuvchilarni yuborish bo’yicha qaror qabul qildilar. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi O’zbekistonning saylovni umumqabul qilingan xalqaro saylov andozalariga mos holda ochiq va oshkora o’tkazishga tayyor ekanligini hisobga olib, mamlakatimizda bo’lib o’tadigan Prezident saylovida kuzatuvchilarning to’laqonli missiyasi ishtirokini ta’minlaydi.

Tadbirda so’zga chiqqan Yevropada xavfsizlik va istiqbolni belgilash instituti prezidenti Emmanuel Dyupyui O’zbekistonda muddatidan oldin bo’lib o’tadigan saylovlar mamlakatning mintaqa va dunyoda tutgan o’rnini hisobga olganda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

– O’zbekiston – ko’pmillatli, ko’p konfessiyali, ko’p tilli va turfa xil madaniyatlar mujassam bo’lgan tarixiy mamlakat hisoblanadi. Ushbu o’lkada turli xalqlar va dinlar o’rtasidagi tolerantlik va ahillik an’analari tug’ilgan va mustahkamlangan. Mamlakat qo’shni davlatlar o’rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy va boshqa aloqalarni birlashtirgan holda mintaqaning markazida joylashgan. Bundan tashqari, O’zbekiston BMT hamda ShHT va IHT kabi boshqa xalqaro tashkilotlarning faol ishtirokchisi hamdir. Rasmiy Toshkent hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo’shilmagan hamda xalqaro tashkilotlar bloklarga aylantiriladigan bo’lsa ulardan chiqish huquqini saqlab qolgan holda, o’zining mustaqil va mo’’tadil siyosiy yo’nalishini olib bormoqda. Yetakchi xorijiy kompaniyalar, investitsiya jamg’armalari va xalqaro moliya institutlari O’zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqmoqdalar, ularni mamlakat iqtisodiyoti o’sishining yuqori sur’atlari va uning ichki siyosiy barqarorligi o’ziga jalb etmoqda.

Prezident saylovlari, shubhasiz, o’zbek xalqi xohish-irodasining haqiqiy ifodasi bo’ladi hamda mamlakat tashqi siyosiy aloqalarining, shu jumladan, Fransiya bilan o’zaro manfaatli va do’stona hamkorlikning rivojlanishiga qo’shimcha kuch bag’ishlaydi.

Sorbonna universiteti (Parij IV) huzuridagi Shahar qurilishi va rivojlanishi instituti direktori o’rinbosari Jan-Antuan DyupraO’zbekistonda bo’lib o’tadigan Prezident saylovining huquqiy jihatlarini tahlil qildi va Fransiya tarixida shunga o’xshash bo’lgan prezident saylovi tajribasi haqida so’z yuritdi:

– Xuddi O’zbekistonda bo’lgani kabi, Fransiyada ham agar mamlakat Prezidenti o’rni qandaydir sabablarga ko’ra bo’sh qolsa uning vakolatlari vaqtinchalik Senat raisiga, yoki, agar unda ushbu vazifani bajarishga monelik bildirsa, Bosh vazirga yuklatiladi. O’zbekistonda Prezident saylovlari mamlakat Konstitutsiyasi va “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi Qonunga mos ravishda o’tkazilmoqda hamda O’zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafot etganligi munosabati bilan yuzaga kelgan murakkab vaziyatda ham, mamlakatda konstitutsiyaviy tizimning samarali va barqaror faoliyat yuritayotganini isbоtlamoqda. Saylov kunini belgilash ham Konstitutsiya va uch oy muddat ichida Prezident saylovi o’tkazilishi kerakligi belgilab qo’yilgan milliy qonunchilikka to’liq muvofiqdir.

Ovoz berish jarayonlari O’zbekistonda yuksak darajada tashkil etilishi bilan ajralib turadi. Menga bildirilgan ishonch tufayli 2014 va 2015-yillarda O’zbekistonda bo’lib o’tgan parlament va Prezident saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo’lganman. Aytishim lozimki, ushbu saylovlar demokratik tamoyillar va mamlakatning to’rtta yetakchi partiyasining adolatli raqobatiga to’la mos holda o’tkazilgan.

O’zbekiston so’nggi yillarda namoyon etayotgan iqtisodiyotning barqaror sur’atlardagi o’sishi mamlakat tomonidan tanlangan yo’lni kelgusida ham davom ettirish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Shu o’rinda O’zbekistonda mustaqillikning ilk yillarida muhim e’tibor qaratilgan kuchli fuqarolik jamiyatining rivojini ta’kidlash joizdir.

Siyosiy partiyalar bo’lib o’tadigan Prezident sayloviga O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning yo’lini davom ettirishga munosib bo’lgan nomzodlarni ko’rsatishganiga aminman.

“Ibn Sino-Fransiya” uyushmasi prezidenti Mark Bonnelning fikricha, 2016-yilda bo’lib o’tadigan Prezident saylovi Toshkentning izchil rivojlanish, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash yo’lida sodiqligining dalolatidir.

– Oson bo’lmagan mintaqada joylashgan va tarixning murakkab davrini kechirgan O’zbekiston 25 yil davomidagi mustaqillik sharoitida demokratik shakllanishning ulkan yo’lini bosib o’tdi. Shu bilan birga, mamlakat rahbariyati hamisha tinchlik va barqarorlikni saqlashga barcha kuchlarni safarbar etishni taklif etib keldi. O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov ushbu yo’nalishda, xususan, jamiyat radikallashuvining oldini olish borasida uzoqni ko’zlagan siyosat olib bordi. Bu masala Fransiya uchun juda dolzarb hisoblanadi. Biz O’zbekistondan zamonaviy tahdidlarga qarshi turish namunasini ko’rsatayotgani uchun minnatdor bo’lishimiz kerak va bu kabi masalalarni hal etish borasidagi uning tajribasini o’rganishimiz lozimdir.

Aminmanki, ushbu va boshqa sohalardagi Fransiya va O’zbekistonning hamkorligi kelgusida ham mustahkamlanishda davom etadi.

Fransiyaning O’zbekistondagi sobiq elchisi Jan-Klod Rishar o’z nutqida Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi sifatidagi ilk qadamlari mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotini yanada erkinlashtirish, inson huquqlarini himoya qilinishini ta’minlashga yo’naltirilganlini ta’kidladi.

– Ushbu odimlar yuqori bahoga munosibdir. Fransiya va O’zbekiston o’rtasida hamisha hamkorlikning yaxshi an’analari saqlanib kelingan. O’zbek xalqi Fransiyaga iliq munosabat bildirib keladi, fransuzlar esa O’zbekistonning madaniyati, tarixi va zamonaviy rivojlanishidan zavqlanadilar. Men O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidan keyin ham mamlakatlarimiz ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishda davom etadi, deb hisoblayman.

d’Izarn media kompaniyasi prezidenti Silvi d’Izarn xonimning ta’kidlashiga ko’ra, O’zbekistonda yaratilgan barqaror siyosiy tizim hamda iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilish borasida qabul qilingan chora-tadbirlar Prezident saylovini muvaffaqiyatli tashkil etishga ko’mak beradi.

– O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning ilk ishlaridan biri tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish, xususan, kichik va o’rta biznesni davlat organlarining rejasiz tekshruvlaridan ozod etish bo’yicha yangi chora-tadbirlarni qabul qilish bo’lgani alohida e’tiborni tortadi. Mustaqillikning ilk yillaridanoq O’zbekiston iqtisodiyotni erkinlashtirish va xususiy sektorni kengaytirishga asoslangan o’ziga xos iqtisodiy o’sish sur’atlarini namoyon eta boshladi. Yalpi ichki mahsulotning yillik o’sishi 8 foizni tashkil etadi. Bu dunyodagi eng yuqori o’sish sur’atlaridan biri bo’lib, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va aholining faravonligini oshirish jarayonlari bilan hamohang olib borilmoqda.

O’zbekistonda Prezident saylovining muvaffaqiyatli o’tkazilishi iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda demokratik yangilanishlarning yanada kengroq amalga oshirilishiga asos bo’ladi.

Yevropada xavfsizlik va istiqbolni belgilash instituti eksperti Kventin Delaru O’zbekistondagi oliy maqomga bo’lib o’tadigan saylov mamlakat rahbariyati va xalqi to’g’ridan-to’g’ri ovoz berish yo’li bilan demokratik hokimiyatning bardavomligini ta’minlashga intilayotganini ko’rsatmoqda, deb ta’kidladi.

– Muddatidan oldin o’tkaziladigan saylovning o’z vaqtida belgilanishi O’zbekistonda demokratiyaning barqaror ekanligini namoyon etadi. Bu siyosiy tadbirning saylov jarayonlarining shaffofligini va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini tartibga soladigan qonunchilik hujjatlariga qat’iy amal qilgan holda o’tkazilayotgani muhimdir. Saylovoldi kampaniyasi davrida mamlakatning asosiy siyosiy kuchlarini namoyon etuvchi nomzodlar o’z dastur va pozitsiyalarini ilgari surish uchun media resurslardan foydalanish borasida teng imkoniyatlarga ega bo’ldilar.

O’zbekistonda bo’lib o’tadigan Prezident saylovi butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblayman. O’zbekistonning bo’lg’usi rahbari mintaqa davlatlarining xalqaro hamkorligiga, xususan, ushbu makonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, o’zaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishga yo’naltirilgan intilishlarni faollashtirish va jipslashtirish yo’li bilan turtki berishi mumkin.

Tadbir so’ngida “Programma «MED21” uyushmasi prezidenti, professor Muhamed Nodir Aziz “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan suhbatda, O’zbekiston Prezidenti saylovi mamlakatni demokratik rivojlantirish uchun favqulodda muhimdir, deya ta’kidladi.

– Yaqindagina O’zbekistonda muhim ahamiyatga ega bo’lgan voqyea – Islom Hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo’lib o’tdi va unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Samarqandda buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish borasidagi tashabbusini ilgari surdi. Sharif shahar bo’lmish Buxoroda tug’ilib o’sgan Imom al-Buxoriy islom sivilizatsiyasida yuksak mavqyega egadir. U musulmon ummatining boyligi sanalgan, “Al-Jomiy as-Sahih” nomi bilan mashhur eng ishonchli hadislar to’plamini tuzgan.

Uyushmamizning asosiy maqsadi musulmon va O’rta yer dengizi madaniyatini global ko’lamda ilgari surish, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ilm-fan va maorif sohalaridagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iboratdir.

Bizning oxirgi tadbirlarimizdan biri Buxoroda tug’ilib o’sgan yana bir alloma sharafiga – Sharqning buyuk mutafakkir olimi va tabobat ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro mukofot tashkil etish bo’ldi.

Shu yilning iyun oyida Fransiyaning milliy tibbiyot akademiyasida ilk mukofotlarni topshirish marosimi bo’lib o’tdi. Ilk sovrindorlar orasida O’zbekiston vakillari ham bor.

«Jahon» AA, Parij