Bosh sahifa

Prezident: Koronavirusga qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishi avvalida bugun mamlakatimizda epidemiologik vaziyatga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tildi.

COVID-19 pandemiyasini jilovlash yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida gapirar ekan, davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

– Xabaringiz bor, mamlakatimizda koronavirusga chalinganlar soni ko‘payib borayotgani munosabati bilan biz karantin talablarini yana kuchaytirishga majbur bo‘ldik.

Nega deganda, ochiq aytish kerak, hozirgi kunda butun dunyo koronavirus deb nom olgan mana shu tilsiz yov, ko‘zga ko‘rinmas dushmanga qarshi urush holatida turibdi.

Urushga kirgan har qaysi davlat, har qaysi xalq o‘z yurtini, o‘z aholisini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘radi. Eng avvalo, xavf-xatarning yo‘lini berkitadi, temir intizom o‘rnatadi.

Qat’iy safarbarlik sharoitida yashash va ishlashga o‘tadi. Bugun biz ham ayni shunday holatdamiz.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan vaziyat muntazam tahlil qilinib, infeksiyani jilovlash yuzasidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu kasallikka qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Eng muhimi, fidoyi va jasur shifokorlarimiz o‘z burchini sadoqat va matonat bilan bajarmoqda.

Takror aytaman, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz shart. Chunki hayot davom etmoqda. Hayot bizdan aql-idrok, sabr-toqat, metin intizom bilan harakat qilishni talab etmoqda.

O‘zimiz ko‘ryapmiz, dunyoda qaysi davlatda tibbiy madaniyat, tartib-intizom kuchli bo‘lsa, o‘sha mamlakat pandemiyadan eng kam talofat bilan chiqmoqda.

Biz ham shu yo‘ldan borishimiz shart. Albatta, o‘tgan 4 oy davomida odamlarimiz ko‘p narsaga o‘rgandi. Bizda ham ma’lum bir tajriba paydo bo‘ldi.

Tahlillar koronavirus bilan zararlanishning oldini olish, kasallikni erta aniqlash, simptomsiz va yengil kechayotgan bemorlar bilan olib borilayotgan davolash va nazorat tadbirlarini amalga oshirishda yangi strategiyalarni qo‘llashni talab qilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi bu borada tezlik bilan barcha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

Shu maqsadda, [Bosh vazir o‘rinbosari Behzod] Musayev, [Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher] Shodmonov bir kun muddatda amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta ko‘rib chiqib, aholi uchun qulay tizimni ishlab chiqsin.

Yana bir muhim masala – viloyat, shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar, joylardagi hokimlik va boshqaruv idoralari o‘z hududidagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda karantin qoidalarini qayerda zarur bo‘lsa kuchaytirishi, qayerda zarur bo‘lsa yumshatishi lozim.

Barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, imkoniyat mavjud bo‘lgan hamma joyda ishlab chiqarish korxonalarini ishga solishimiz, mehnat unumdorligini oshirishimiz kerak.

Masalan, qishloq joylarda aholi shahardagidek tig‘iz emas. Kasallik tarqamagan hududlarimiz ham ko‘p.

Bu yerlarda hozirgi paytda hamma dalada ish bilan band, odamlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi.

Bunday tumanlarda qishloq mehnatkashlarining bemalol ishlashi, mahsulotini xaridorlarga yetkazib berishi uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Chunki yozning bir kuni qishning o‘n kunini boqadi.

Hech kimga sir emas, bu yildan boshlab oziq-ovqat masalasi dunyo miqyosida hal qiluvchi o‘ringa chiqadi.

Chunki koronavirusni yengish ham, xalq farovonligini ta’minlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash ham avvalo shunga bog‘liq.

Shuning uchun bizda doimo uch oylik oziq-ovqat zaxirasi shay turishi kerak.

Fursatdan foydalanib, bugun dalalarda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor fermer va dehqonlarimizga, sohibkor bog‘bonlarimizga, barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirib, ularga kuch-g‘ayrat, mo‘l hosil tilaymiz.

Shu bilan birga, vaziyatdan kelib chiqib, kerak joylarda karantin talablariga to‘la itoat etishimiz zarur.

Hammamiz oilamiz, farzandlarimiz, muhtaram nuroniylarimizning sog‘ligi uchun yana ozgina chidashimiz, karantin qoidalariga qat’iy amal qilishimiz shart.

Ozgina chidasak, bu kunlar hademay o‘tib ketadi.

“Sabr qilgan murodga yetar”, deydi xalqimiz.

Ishonchim komil, har bir ishni yetti marta o‘ylab, chidam va matonat bilan amalga oshirib kelgan el-yurtimiz bugungi sinovlardan munosib o‘tib, o‘zining ezgu maqsadlariga albatta yetadi.

Alisher Kurmanov O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi etib tayinlandi.

2020 yil 13 iyun kuni Alisher Kurmanov Toshkentdan Kiyev shahriga jo‘nab ketdi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi favqulodda va muxtor elchisi tayinlandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2020 yil 13 iyun kuni O‘zbekistonning Ukrainadagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Alisher Kurmanov Toshkentdan Kiyev shahriga jo‘nab ketdi.

A. Kurmanov avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.

Shuningdek, u O‘zbekistonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Xarkov shaxridagi talabalar bilan uchrashuv

43

Ukrainaning Xarkov shaxridagi talabalar bilan O’zbekiston Respublikasining Urkainadagi elchixona mutasaddi vakillari o’rtasida 2020yil 26-may kuni uchrashuv o’tkazildi. Ushbu uchrashuvda O’zbekistonRespublikasining Ukrainadagi elchixonasining birinchi kotibi Maxmudov Abduraxmon, Talabalar uyushmasining raisi Rahimov Azizbek ,Yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining Ukrainadagi vakili Madraimov Shaxboz qatnashdilar .

42

Ushbu uchrashuvdan ko’zlangan maqsad, talabarni qiynayotgan muommolar va savollarni ko’rib chiqishdan iborat edi. Uchrashuv davomida talabar tomonidan eng ko’p berilgan savollar : Charter reys qachon tashkil etilishi, diplom tasdiqlash (nostrifikatsiya), elchixona ro’yxatidan vaqtinchalik o’tish tartibi haqida bo’ldi.

44

Ushbu uchrashuv davomida yana bir dolzarb mavzuga, yani Xarkov shaxridagi V.N.Karazina nomidagi Xarkov milliy universitetining birinchi bosqich talabalari o’rtasida “Baraka” kompaniyasi tomonidan yarim yillik kontrakt puli to’lanmaganligiga to’xtalib o’tildi . “Baraka” kompaniyasidan jabr ko’rgan talabalar elchixona vakillaridan amaliy yordam so’rashdi. Kunning ikkinchi yarmida elchixona vakili va Xarkov shaxridagi V.N.Karazina nomidagi Harkov milliy universitetining xalqaro o’quv va ilmiy-tadqiqot instituti derektoti A.A.Navrotskiy bilan muzokara olib borildi. Ushbu muzokaradan ko’zlangan maqsad , talabalarning kompaniya aybi tufayli o’qishdan chetlatilmasligi va ushbu holat bo’yicha talabalar arizasiga asosan qonuniy hal qilish uchun 2020 yilning 25-avgust kunigacha kontrakt to’lov muddatini uzaytirildi.

41

Президент: Бепарволик пандемияга қарши барча ишларимиз натижасини йўққа чиқариши мумкин

Ўзбекистон Республикаси Президенти раислигида 26 май куни инвестиция масалалари муҳокамасига бағишланган видеоселектор йиғилиши аввалида мамлакатимизда коронавирус пандемиясига қарши кураш борасида амалга оширилаётган ишлар ҳақида алоҳида тўхталиб ўтилди. Давлатимиз раҳбари, жумладан, шундай деди:

– Кейинги кунларда коронавирус билан касалланганлар сони республикамизда ҳам кўпайганлиги қайд этилмоқда.

Айтиш керакки, аксарият ҳудуд ва корхона раҳбарлари, фуқароларимиз карантин чораларининг юмшатилганини “касаллик тугади” деб, нотўғри қабул қилмоқдалар.

Бугунгача чет элдан олиб келинган фуқароларимиз сони 47 мингтани ташкил этмоқда. Афсуски, уларнинг, айниқса кейинги икки ҳафта давомида кириб келганларнинг аксариятида коронавирус аниқланган.

Беморларнинг қарийб 50 фоизини ҳам хориждан келган фуқаролар ташкил этади.

Кейинги 10 кунда 3,5 минг одам ҳаво йўллари, 7 мингга яқин ватандошимиз чегара постлари орқали юртимизга кириб келиши кутиляпти. Бунга қўшимча яна 100 минг нафардан ортиғи Ўзбекистонга қайтиш истагини билдириб, навбат кутмоқда.

Фуқароларимиз қайтиб келаётган давлатлар ҳамда қўшни мамлакатлардаги вазиятнинг оғирлигини ҳисобга олиб, хотиржамликка берилиш мумкин эмас.

Айниқса, бозорлар, савдо комплекслари, банкларда ижтимоий масофага амал қилмаслик, кўча-кўйда тиббий ниқоб тақмаслик, бемалол ва хотиржам бўлиб, уйларда турли тадбирлар ўтказиш ҳолатлари кўпаймоқда.

Бундай салбий ҳолатлар касалликни аниқлаш, олдини олиш ва даволаш учун қилаётган барча ҳаракатларимиз, бюджетдан олинаётган триллионлаб харажатларимиз натижадорлигини йўққа чиқариши мумкин.

Республика комиссияси вилоят ҳокимлари билан бирга бир кун муддатда эпидемиологик вазият ёмонлашган ҳудудларнинг тоифасини қайта кўриб чиқсин ҳамда карантин чораларини кучайтириш бўйича таклиф киритсин.

Соғлиқни сақлаш вазирлиги “қизил” ва “сариқ” ҳудудларда кунлик тест олиш сонини ошириши лозим. Бунда тиббиёт муассасалари, бозорлар, банклар ва аҳоли кўп жойларда назорат тестлар олишни кўпайтирсин.

Шу ўринда бир муҳим масалага эътиборни қаратмоқчиман. Пандемиянинг иқтисодиётга таъсирини юмшатишга қаратилган 16 та ҳужжат қабул қилдик. Лекин жойларда ушбу қарорлар ижросини ташкил этиш оқсамоқда, яратилаётган шароит ва имтиёзларни фуқаролар ва тадбиркорларга манзилли етказа олмаяпмиз.

Олий Мажлис палаталари жойларда халқ депутатлари кенгашлари билан бирга пандемияга оид Президент қарорлари ва топшириқлари ижроси юзасидан парламент ва кенгашларнинг таъсирчан назоратини йўлга қўйиш кутилган натижа бериши мумкин.

Шунингдек, туман, шаҳар, вилоят ҳокимлари, вазирлар ҳар ойда бир марта Президент қарорлари ижроси бўйича брифинг ўтказиб, оммавий ахборот воситалари, парламент вакиллари ва кенг жамоатчилик олдида ҳисобот бериб борсин.

Албатта, карантин чораларини юмшатиш туфайли 19 мингдан зиёд (91 фоиз) саноат, 9 мингта (76 фоиз) қурилиш, 51 мингта (52 фоиз) хизмат кўрсатиш, 45 мингта (44 фоиз) савдо корхоналарининг фаолияти тикланди.

Бунинг натижасида май ойида солиқ ва божхона тушумлари ўтган ойнинг мос даврига нисбатан 230 миллиард сўмга, товар-хом ашё биржасида қурилиш материаллари савдоси ҳажми эса 20 фоизга кўпайди.

Тижорат банклари томонидан кредит ажратиш ҳажми ўтган ойнинг мос даврига нисбатан 13 фоизга ўсди.

Бу борадаги ишларимизни карантин талабларига қатъий амал қилган ҳолда, ҳам тармоқ, ҳам ҳудуд кесимида манзилли тарзда давом эттиришимиз лозим.


Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tomorqachilikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan koronavirus tarqalishini cheklash, uning aholi hayoti va mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Maxsus respublika komissiyasi tuzilib, epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholi sog‘lig‘ini himoya qilish, karantin rejimini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Tibbiyot muassasalarini shay holga keltirish va qo‘shimcha quvvatlarni barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Zangiota tumanida 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan maxsus shifoxona jadal sur’atlarda qurilyapti. Yuqorichirchiq tumanida esa 10 ming kishilik maxsus karantin zonasi qurilib, o‘z ishini boshladi. Bu yerda yana qo‘shimcha 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan karantin qurilishi boshlanib, 15-maygacha topshiriladi.

Yig‘ilishda ta’kidlaganidek, pandemiya sharoitida so‘nggi bir oy ichida xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temir yo‘l va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaromiz olib kelindi. Ularning barchasi 160  ta manzilga joylashtirilib, karantinga olindi.

Tajribali shifokor professorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yildi. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilindi. Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari o‘rnatilgan.

– Eng muhimi – xalqimiz yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri baholab, o‘z xizmat vazifalarini masofadan turib bajarmoqda, shifokorlar tavsiyasi va karantin tartib-qoidalariga qat’iy amal qilib, o‘zlarining madaniyati, ongi va intizomi bilan barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. O‘quvchi va talaba yoshlarimiz onlayn dars va mashg‘ulotlar orqali ta’lim olishda davom etmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Odamlarni oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan uzluksiz ta’minlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, saxovatli va olijanob yurtdoshlarimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan beg‘araz xayriya yordamlari manzilli ravishda aholining tegishli qatlamlariga o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.

Prezidentimizning qayd etishicha, qisqa muddatda fuqarolarimiz, davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasiga 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazilgani – elimizning mazkur xavf-xatarga qarshi yelkama-yelka kurashishga tayyor ekanligining yorqin isboti.

– Mana shunday og‘ir sinov damlarida ko‘pmillatli xalqimiz sarosima va vahimaga tushmasdan, aksincha, chetdan kelgan bu baloning tezroq o‘tib ketishiga, hademay yaxshi kunlar kelishiga ishonib, o‘zining mustahkam irodasi, mehr-oqibati va hamjihatligini yana bir bor namoyon etmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hududlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz bahorning har bir kunini g‘animat bilib, yaxshi niyat va ertangi kunga ishonch bilan qishloq xo‘jaligi ishlarini boshlab yubordilar.

Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sanoat korxonalarida, muhim qurilish maydonlarida ish kundalik reja asosida, karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etilmoqda.

– Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda hayot barqaror sur’atda davom etmoqda. Eng asosiysi, ming-minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa shifokorlarning fidoyi xizmati, o‘z burchiga sadoqati tufayli ko‘rayotgan tezkor choralarimiz o‘zining ijobiy natijasini bermoqda, – dedi Prezidentimiz.

Lekin, misli ko‘rilmagan darajada targ‘ibot ishlariga qaramay uyida davolangan va og‘ir holatda yotqizilgan 40 yashar bemor kecha olamdan o‘tdi.

Marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirar ekan, davlatimiz rahbari yana bir bor barchani ogohlikka chaqirdi. “Kasallik alomatini sezdingizmi, darhol shifokorlarga murojaat qiling. Takror aytaman, kasallikni oilamizga kirib kelmasligi, o‘zimiz va yaqinlarimizni ushbu illatdan saqlab qolish, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq!”

Afsuski, karantin va sanitariya-gigiyena talablariga befarq qarayotgan shaxslar ham yo‘q emas.

Masalan, o‘tgan davrda karantin qoidalarining 47 mingga yaqin buzilish holatlari, shu jumladan, 34 ming marta niqob taqmaslik, 11 ming marta avtotransportda karantinga rioya qilmaslik holatlari aniqlanib, jarimalar qo‘llangan. Hattoki, 24 ta holatda yuzlab odamlarni to‘plab, ziyofat va marosimlar o‘tkazilgani aniqlangan.

– Butun dunyoning boshiga tushgan bu murakkab sinovdan biz, Xudo xohlasa, yanada kuchli bo‘lib, bir-birimizga mehrimiz yanada ziyoda bo‘lib, albatta yorug‘ yuz bilan o‘tib olamiz. Faqat tartib-intizomga qat’iy rioya qilib, o‘rinsiz vahimaga tushmasak, tushkunlikka berilmasak, marra bizniki bo‘ladi.

Bu vaqtinchalik qiyinchilik va muammolar, albatta, o‘tib ketadi. Pok niyatli, dinu diyonatli, sabr-bardoshli, olijanob xalqimiz bilan hali ko‘p yaxshi kunlarni ko‘ramiz, ko‘p to‘y-tomosha va tantanalarni birgalikda nishonlaymiz, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga albatta yetamiz,” – dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi siyosat va chora-tadbirlar yetarli emasligini yaqqol ko‘rsatdi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabni to‘liq ta’minlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Buning uchun barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerak. Aks holda ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash qiyin bo‘lishi hammaga ayon.

Shu bois oxirgi yillarda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilindi, ayrim qonunlarga o‘zgartishlar kiritildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida tomorqa bilan shug‘ullanadigan alohida o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil qilindi. Aholiga urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 244 ta “Tomorqa xizmati” korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 350 milliard so‘m ajratilib, Fermerlar kengashi huzurida jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bir so‘z bilan aytganda, aholiga ko‘maklashadigan, moddiy resurslarni yetkazib beradigan va moliyalashtiradigan, oldin bo‘lmagan tizim yaratildi.

Videoselektorda ushbu tizimdan samarali foydalanib, tomorqalarda mahsuldorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

Tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan omilkor insonlar tajribasini keng joriy qilish kerakligi aytildi. Misol uchun, Asaka, Oltinko‘l, Namangan, Uychi, Angor, Jarqo‘rg‘on, Kitob, Toyloq, Samarqand, Yangiyo‘l, Zangiota, Oltiariq, Quva kabi tumanlardagi aksariyat tomorqalarda 2-3 marta hosil olinib, bitta oila 8-10 sotixli ekin maydonidan o‘rtacha 50-60 million so‘m, ba’zilar esa 100 million so‘m daromad qilyapti.

Biroq hamma joyda ham bunday emas. Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tomorqalarga ekin ekish ishlari yakunlanmaganligi alohida ta’kidlandi.

Mutasaddilarga bunday xonadonlar bilan birma-bir ishlab, tomorqa maydonlariga bozorbop ekinlar ekilishini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Xonadonlarda ixcham issiqxonalar qurish ham muhim. Bugungi kunda tomorqalarda jami 4 ming gektar yengil konstruksiyali issiqxonalar mavjud bo‘lib, ularda yiliga uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Lekin ko‘plab tumanlarda bu masalaga yetarlicha e’tibor berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida har bir sektor hududida kamida 100 tadan xonadonda 1-1,5 sotixli issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Tomorqa obodligi, albatta, suvga bog‘liq. O‘tgan yili joylarda 233 ta quduq qazilib, 4,5 mingdan ortiq xonadonning suv ta’minoti yaxshilangan edi.

Hozirda esa Jondor, Shofirkon, Baxmal, Forish, G‘uzor, Chiroqchi, Nurota, Qo‘shrabot, Urgut, Xovos, Bekobod, Yozyovon, Qo‘shko‘pir kabi tumanlarning aksariyat qishloqlarida suv ta’minoti og‘ir bo‘lib qolmoqda.

Shu bois Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga hokimlar bilan birgalikda suv ta’minoti yaxshi bo‘lmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlikni oshirish vazifasi qo‘yildi.

Qishloq xo‘jaligida vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirib, kam ta’minlangan oilalarni band qilish bo‘yicha tizim yaxshi samara bermoqda. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida bu borada 31 ta kooperativ tashkil etilib, 1 ming 600 nafar ishsiz fuqaro bandligi ta’minlandi. Bunday kooperativlar faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamg‘armasidan 50 milliard so‘m ajratilgan.

Yig‘ilishda bu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, kambag‘allikni va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kooperativga a’zo bo‘lgan ishsiz fuqarolarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamg‘armasidan mahsulot yetishtirish xarajatlari uchun 24 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. Kam ta’minlangan, qarovchisi bo‘lmagan oilalarga mevali ko‘chatlar, sabzavot urug‘lari va boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi.

Tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qo‘yish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak.

Shuning uchun tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanilishi ma’lum qilindi.

Bu borada mutasaddi rahbarlarga tegishli hujjatni qabul qilish topshirildi. Tomorqalar holatini dronlar orqali monitoring qilish hamda ulardan unumli foydalanish uchun har bir sektor kesimida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlar va hokimlar axborot berdi.

Украинада бўлган ва карантин жорий этилгунга қадар мамлакатдан чиқиб кета олмаган Ўзбекистон Республикаси фуқаролари диққатига

Украинада бўлган ва карантин жорий этилгунга қадар мамлакатдан чиқиб кета олмаган Ўзбекистон Республикаси фуқаролари диққатига

 

Маълум қиламизки, давлат чегараларини ёпилиши ва авиа қатновларга рухсат берилмаётганлиги сабабли чартер рейсларни ташкил этишнинг имкони бўлмади.

Украина худудида вақтинча бўлган Ўзбекистон Республикаси фуқароларидан транспорт қатнови тиклангунга қадар ўз манзилингизда бўлиб туришингизни сўраймиз.

Шу муносабат қуйидагилар таклиф қилинади:      

1) Сизни қабул қилувчи томондан (таълим муассасаси, қариндошлар, дўстлар ва ҳкз.) карантин тугагунга қадар яшаб туришингиз учун шароит яратишини сўраш;

2) Қабул қилувчи томон рад жавобини берган тақдирда, ўзингизнинг яқин қариндошларингиздан транспорт қатнови тиклангунга қадар вақтинча яшаб туришингиз учун моддий ёрдам юборишларини сўраб мурожат этиш.

ЯҚИН ҚАРИНДОШЛАРИНГИЗНИ ЁРДАМ БЕРИШ ИМКОНИ БЎЛМАГАН ТАҚДИРДА ҚУЙИДАГИЛАРНИ АМАЛГА ОШИРИШИ ЛОЗИМ:

  • Элчихона тезкор штабининг электрон манзилига (embassy@uzbekistan.org.ua) қуйидаги аризани юбориш:

 

Ўзбекистон Республикасининг Украинадаги Элчихонасига

Ўзбекистон Республикаси фуқароси Асқаров Асқар Асқаровичдан,

рўйхат ўтган манзили: Тошкент ш., Чилонзор кўчаси, 7 уй.

(тел. Тошкент +99871/0000000, e-mail:askar.askarov@gmail.com).

Украинада вақтинча яшаш манзили:

Харьков шахри, Б.Хмельницкий кўчаси, 1 уй

(тел.+38067/0000000)

 

АРИЗА

 

Мен, Асқаров Асқар Асқарович, 01.01.1990 й.т., паспорт АА0000000 (01.01.2019й. Тошкент шахар Чилонзор ТИИБ), Украинага 2020 йил 1 март куни ишлаш мақсадида келганман ва танишим Украина фуқароси Савченко Богдан Богдановичнинг манзилида яшаб келмоқдаман.

Ҳозирда ишга жойлаша олмаганлигим сабабли яшаш учун маблағим қолмади. Отам Асқаров Асқар Анварович, 01.01.1945 й.т., Самарқанд шахри, Наврўз кўчаси, 12-уйда яшайди (уй.тел.+99866/0000000, моб.+99890/0000000) пенсионер.

Онам Асқарова Наргиза Маъмуровна, 01.01.1950 й.т., Тошкент шахри, Чиланзор кўчаси, 7 уйда яшайди (тел.+99871/0000000, моб.+99890/0000000) 2-гурух ногирони.

Бошқа яқин қариндошларим мавжуд эмас.

Ота-онам кам таъминланган бўлиб, менга моддий ёрдам бера олмаслиги сабабли, давлат ёрдамини тақдим қилиб, Ўзбекистон Республикасига қайтишимга кўмаклашишингизни сўрайман.

2020 йил 28 март

Харьков шахри

 

Аризага шахсий ҳужжатларингизни (паспорт, Тошкент шахригача бўлган авиабилет ва ҳкз) илова қилишингиз лозим.

Давлат ёрдамини сўраб мурожат қилган аризангиз Тошкент шахрига, махсус комиссия томонидан оилангизни кам таъминланганлигини текшириб, қарз ёхуд беғараз моддий ёрдам бериш масаласини кўриб чиқиш учун юборилади.