YEVROPA PARLAMENTIDA O’ZBEKISTONNING ZAMONAVIY RIVOJLANISHI NAMOYISHI

Bryusselda Yevropa parlamentning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar delegatsiyasining yig’ilishi bo’lib o’tdi. Tadbirda Yevroparlament deputatlari, siyosiy fraksiyalar va ushbu tizimning tegishli qo’mitalari vakillari ishtirok etdilar.

4026
Yig’ilish chog’ida O’zbekistonning Yevropa ittifoqi huzuridagi diplomatik missiyasi tomonidan mamlakatimizning mustaqillik yillarida barcha sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari va zamonaviy rivojlanishiga bag’ishlangan taqdimoti o’tkazildi. Tadbirda mamlakatimiz yangilanishning o’ziga xos yo’lini tanlagani – O’zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan “o’zbek modeli”ning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. Uning asosida izchil olib borilayotgan islohotlar bozor munosabatlariga asoslangan kuchli davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etishga hamda aholining munosib turmush tarzini yaratishga yo’naltirildi.

Yevroparlament vakillarining e’tibori O’zbekistonda keyingi yillarda saylov qonunchiligi sohasida saylovlarning tenglik, transparentlik ruhida, mamlakat qonunlariga hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va prinsiplariga to’la amal qilingan holda tub islohotlar amalga oshirilganiga qaratildi. O’tgan davr ichida mamlakatda fuqarolar va siyosiy partiyalarning muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarning hal etilishi va jamiyat qurilishida erkin, faol ishtirok etishlari uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnik sharoitlar yaratildi.

Shu munosabat bilan, bularning barchasi insonning huquq, erkinlik va manfaatlari, demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo’lida amalga oshirilgan demokratik yangilanishlar va islohotlarning yorqin ifodasi ekanligi ta’kidlandi.

Tadbir qatnashchilariga O’zbekiston Markaziy saylov komissiyasi (MIK) rahbariyati tomonidan muhim siyosiy tadbir – joriy yilning 4 dekabr kuni bo’lib o’tadigan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko’rish bo’yicha olib borilayotgan izchil va keng ko’lamli tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar ushbu yuksak martabaga siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilgan nomzodlar, ochiq va xolis ovoz berish uchun yaratilgan sharoitlar, shu jumladan 300 dan ziyod xalqaro kuzatuvchilar taklif etilganligi haqidagi axborotlar bilan tanishtirildi.

Taqdimot Yevropa parlamenti vakillarida katta qiziqish uyg’otdi va ular O’zbekistonda saylov jarayonini takomillashtirish, konstitutsiyaviy maqomiga ega mustaqil Markaziy saylov komissiyasi haq-huquqlarini kuchaytirish va uning vakolatlarini kengaytirish sohalarida olib borilgan islohotlarning muhim ekanini qayd etishdi.

Fikr almashinuv doirasida yig’ilganlar mamlakatimizda saylov jarayonini demokratlashtirish barcha fuqarolar va siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishlari uchun birdek sharoitni kafolatlaydigan umumqabul qilingan demokratik qadriyatlarga mos kelishini ta’kidladilar.

Yevroparlamentning Belgiyadan saylangan deputati Mark Tarabella jumladan quyidagi mulohazalarni bildirdi:

– Yevropa parlamenti O’zbekistonda amalga oshirilgan mamlakat aholisining farovonligini oshirish va huquqiy davlatning prinsiplarini implementatsiya qilishga yo’naltirilgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholaydi. Mamlakatda parlamentning rolini unga parlament tekshiruvini o’tkazish imkoniyatini berish yo’li bilan oshirish borasida qabul qilingan tadbirlar O’zbekistonning demokratik davlatni shakllantirishga sodiqligining ishonchli dalili hisoblanadi. Mustaqillik yillarida mamlakatingizda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada mustahkamlash bo’yicha bir qator samarali chora-tadbirlar qabul qilindi. Xususan, huquqiy yordam ko’rsatish, fuqarolar siyosiy siyosiy ongini yuksaltirish, yoshlar va ayollar bilan ishlash, ish bilan ta’minlashga ko’maklashish borasidagi ularning roli sezilarli darajada oshdi.

O’zbekistonda inson huquqlari borasida davlatning ustuvor yo’nalishlaridan biri Xalqaro mehnat tashkiloti doirasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish etib belgilangan. Inson huquqlarini himoya qilishning mustahkam mexanizmlarini yaratish, shuningdek, milliy qonunchilik bazasi va huquqni qo’llash amaliyotini bolalar mehnatining eng yomon shakllarini va majburiy mehnatni tugatish bo’yicha xalqaro konvensiyalarga mos ravishda takomillashtirish borasida dasturlar amalga oshirilmoqda.

Belgiyalik yana bir deputat Xulga Stivens xonim O’zbekistonda aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, fuqarolarning real daromadlarini oshirish, ta’lim, sport va sog’liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish hamda sifatini oshirish borasida qabul qilingan chora-tadbirlarga yuqori baho berdi.

– Mamlakatda qabul qilingan “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to’g’risida”gi Qonun e’tiborga sazovordir. Men ushbu hujjat nafaqat aholining kam ta’minlangan qatlami manfaatlari kafolatlatini mustahkamlaydi, balki ularni moddiy va ma’naviy qo’llab-quvvatlash sifatini oshirishga yo’naltirilgan, shuningdek, ushbu sohada davlat va nodavlat tashkilotlarning rolini ham oshiradi, deb hisoblayman.

O’zbekiston terma jamoasining Rio-de-Janeyro shahrida bo’lib o’tgan XV Paralimpiada o’yinlaridagi muvaffaqiyatlari tahsinga loyiq va mamlakatda aholining imkoniyati cheklangan qatlami huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning to’laqonli turmush kechirishlari va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki uchun zarur bo’lgan qulay sharoit yaratish borasida olib borilayotgan siyosatning yaqqol natijasidir.

Shu munosabat bilan men aholining nogironlar muammolari haqidagi xabardorligini oshirish hamda nufuzli ish beruvchilar e’tiborini ularning mehnat salohiyatlari va imkoniyatlariga jalb etish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhim, deb hisoblayman.

Fikr almashinuv yakunlariga ko’ra, ishtirokchilar bo’lib o’tadigan O’zbekiston Prezidenti saylovi, shubhasiz, demokratik islohotlarning amalga oshirilishi yo’lidagi muhim bosqich bo’ladi, kelgusi ijobiy yangilanishlar esa xalqaro maydonda mamlakat nufuzining yanada oshishiga xizmat qiladi, degan yagona xulosani bayon etdilar.

«Jahon» AA, Bryussel