O’ZBEKISTON-BMT: 25 YILLIK SAMARALI HAMKORLIK

2-mart kuni mamlakatimizning Birlashgan Millatlar tashkilotiga a’zo bo’lganiga roppa-rosa chorak asr to’ladi. Aynan shu kuni mazkur global tuzilmaning Nyu York shahridagi bosh qarorgohida uning teng huquqli a’zosi – mustaqil O’zbekistonning bayrog’i hilpiradi.

Mamlakatimiz BMTni butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni qo’llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini hal etish bo’yicha har tomonlama ixtisoslashgan va ishonchli xalqaro tuzilma, deb hisoblaydi. Tashkilot bilan hamkorlikda O’zbekistonning Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasining asosiy vazifalaridan biri – Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik va barqaror taraqqiyot hududiga aylantirish ishiga muhim e’tibor qaratiladi.

O’zbekiston BMTning global va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarida faol ishtirok etib keladi. Prezident Islom Karimovning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish to’g’risidagi tashabbusi ushbu yo’nalishdagi faoliyatga muhim ulush bo’lib qo’shildi. Ma’lumki, mazkur taklif mintaqa davlatlari tomonidan 2006-yilning 8-sentabrida Semipalatinsk shahrida imzolangandi, 2009-yil mart oyida mintaqaning qolgan barcha davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so’ng kuchga kirdi. Ta’kidlash lozimki, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona barpo etish g’oyasi xalqaro qurolsizlanish tartibidan barqaror o’rin oldi va ushbu qurolni tarqatmaslik borasidagi global rejimning mustahkamlanishiga o’zining munosib hissaini qo’shib kelmoqda.

BMTning terrorizmga qarshi kurashish bo’yicha 13 ta konvensiyasining barchasida ishtirok etarkan, O’zbekiston jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini mazkur ofatni bartaraf etish yo’lida birlashtirish bo’yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashi doirasida Aksilterror qo’mitaning ta’sis etilishi mamlakatimiz rahbariyati tomonidan 1999 yilda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Istambul sammitida taklif etilgan Terrorizm bilan kurash bo’yicha Xalqaro Markazni yaratish g’oyasining natijasi hisoblanadi.

O’zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan organlari bilan giyohvand moddalarning tajovuzkorligiga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakat rahbarining 2002-yil oktabr oyida BMT Bosh kotibining O’zbekistonga tashrifi chog’ida tilga olingan taklifi bo’yicha Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo’lishiga qarshi kurashish bo’yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi.

O’zbekiston va BMTning hamkorligi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini ham qamrab oladi. Bu borada ayniqsa Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida O’zbekiston “Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasiga BMT Bosh Assambleyasining kuzatuvchilik maqomini berish” to’g’risidagi rezolyutsiyaning hammualliflaridan biriga aylangani alohida e’tiborga molikdir.

Mamlakatimiz va uning sheriklari sa’y-harakatlari hamda BMT tomonidan qaratilgan yuksak e’tibor tufayli xalqaro hamjamiyat Orol muammosiga yanada muhim ahamiyat beradigan bo’ldi. Tashkilot Bosh kotibi Pan Gi Mun 2010-yil 4-5-aprel kunlari O’zbekistonga tashrifi chog’ida Orolbo’yi hududiga borgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Buning natijasida 2012-2016-yillarda BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Aholishunoslik jamg’armasi (UNFPA), YUNESKO, Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti, BMT Ko’ngillilar dasturi hamkorlikda byudjeti qariyb 4 million AQSh dollaridan iborat bo’lgan “Orol fojeasidan zarar ko’rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” loyihasi amalga oshirildi. Yaqinda qabul qilingan 2017-2021-yillarga mo’ljallangan xuddi shunga o’xshash dastur tomonlar o’rtasidagi samarali hamkorlikning davomi bo’ldi.

O’tgan yillar davomida BMTning qo’llab-quvvatlashi ostida O’zbekistonda global darajadagi bir nechta keng ko’lamli tadbirlar o’tkazildi. Xususan, 2014-yilda Urganch shahrida “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo’yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi. Tadbir arafasida BMT Taraqqiyot dasturining rahbari Hyelen Klark xonim “O’zbekiston hukumatining tashabbusini qo’llab-quvvatlash” hamda “Orol muammosi BMT Taraqqiyot dasturi uchun muhim ahamiyat kasb etishini” namoyish etish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurdi. Anjuman yakunida Orol dengizi havzasida milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish bo’yicha kelishuvlarga erishildi va umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng bo’lgan bitimlar imzolandi.

2015-yil sentyabr oyida Barqaror Rivojlanish maqsadlari sammiti chog’ida O’zbekiston BMT shafeligida Orol dengizi va orolbo’yi hududi bo’yicha trastjamg’armasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Buning natijasida 2017 yilda BMTning bir qator agentliklarida “Orolbo’yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo’yicha ko’psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojeasidan zarar ko’rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” mavzusidagi keng ko’lamli loyiha ishga tushirildi.

Shak-shubhasiz, O’zbekiston va BMT o’rtasidagi hamkorlik faoliyatining dastlabki 25 yilida barcha sohalarda jadal rivojlandi. Mamlakatimizning tashkilot doirasida ilgari surgan taklif va tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan to’la qo’llab-quvvatlandi hamda butunjahon tinchligi, barqarorligi va turg’un rivojlanishini ta’minlashga ulkan amaliy hissasini qo’shib kelmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizning global tuzilma bilan bosib o’tgan samarali hamkorlik yo’li chorak asr davomida erishilgan qimmatli tajriba kelgusida ham BMTning asosiy hujjatlarida o’z aksini topgan oliy maqsadlarga erishish borasidagi samarali sa’y-harakatlarni davom ettirishga mustahkam asos bo’lib xizmat qilishiga ishonch uyg’otadi.

Z.Azizxonova,

“Jahon” AA