2016-yil 1-noyabr kuni Hindiston Respublikasi tashqi ishlar davlat vaziri Mobashar Javad Akbar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida qabul qilindi.

Uchrashuvda mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Hindiston rahbariyatiga mamlakatimiz Birinchi Prezidenti vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgani va qo‘llab-quvvatlagani, Hindiston delegatsiyasining Samarqand shahriga tashrifi doirasida Islom Karimov qabrini ziyorat qilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Muloqot chog‘ida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro munosabatlarga oid, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Muntazamlik kasb etgan oliy va yuqori darajadagi O‘zbekiston – Hindiston siyosiy muloqoti, ishbilarmon doiralar vakillari, madaniyat va san’at arboblarining uchrashuvlari, ilm-fan va ta’lim sohasidagi almashinuvlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Shu kuni Hindiston delegatsiyasi a’zolari poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan tanishdi. Yurtdoshlarimizning tariximiz va ajdodlarimiz xotirasiga cheksiz hurmati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Hindistonlik mehmonlar Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi, La’l Bahodir Shastri nomidagi maktabda bo‘ldi.










