O’ZBEKISTON – IHT: MUSULMON DUNYOSIDA XAVFSIZLIK VA BARQARORLIKNI MUSTAHKAMLASH YO’LIDAGI HAMKORLIK

f903f44a37db95dfab6ac791a5ac32cf

2016-yil 18-19-oktabr kunlari  Toshkentda “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik yo’li” shiori ostida  Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi 43-sessiyasi bo’lib o’tadi. Shu kundan e’tiboran ushbu organning navbatdagi 44-sessiyasiga qadar O’zbekiston rasman IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining raisi vazifalarini o’ziga qabul qilib oladi.

Tarixdan ma’lumki, tashkilotga 1969-yil 25-sentabrda Marokash poytaxti Rabоt shahrida bo’lib o’tgan 25 islom davlatlarining sammitida asos solingan. Uning dastlabki, Islom konferensiyasi tashkiloti nomi 2011-yil 28-iyunda Islom hamkorlik tashkiloti, deb o’zgartirilgan. Islom davlatlarining har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratish, turli xalqlar o’rtasida tinchlik va totuvlik qaror topishiga ko’maklashish uning asosiy maqsadi etib belgilangan.

Bugungi kunda tashkilot islom dunyosidagi 57 mamlakatni birlashtirib kelayotgani holda xalqaro tashkilot a’zolarining soni jihatidan BMTdan keyingi ikkinchi o’rinda turadi. Xalqaro huquqning sub’yekti hisoblanadigan IHT siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa masalalarning hal etilishida ishtirok etadi.

Zamonaviy sharoitlarda islom dunyosi ichida bo’lgani singari turli e’tiqod va xalqlar vakillari o’rtasidagi bag’rikenglikni, madaniyatlararo o’zaro hurmat, tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash ishida ham IHTning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Nizolar hal etilishida tinch, siyosiy-diplomatik, ularning oldini olish usullarini izlash hamda bunday ziddiyatlarga o’z vaqtida munosabat bildirish singari Islom hamkorlik tashkiloti faoliyatidagi tamoyillar tobora dolzarb bo’lib bormoqda. Haqiqiy islom qadriyatlari va musulmon madaniyatini muhofaza etish, islomning din sifatida tinchlik va uyg’unlikni, ma’rifiy va intellektual yuksalishni targ’ib etadigan ulkan tarixiy ahamiyatini namoyon etish tashkilot faoliyatidagi eng muhim vazifaga aylanmoqda.

1995-yilning kuzida Nyu-Yorkda bo’lib o’tgan tashkilot a’zo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining navbatdan tashqari uchrashuvida O’zbekiston Respublikasi kuzatuvchi sifatida Islom hamkorlik tashkilotiga qabul qilingan edi. 1996-yil 2-oktabrda esa mamlakatimiz tashkilotning teng huquqli a’zosi bo’lgan.

IHT a’zosi sifatida O’zbekiston ushbu tashkilot va uning tizimlari bilan o’zaro manfaat kasb etadigan barcha masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada faollashtirishga katta ahamiyat qaratmoqda.

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2015-yil may oyida Al-Kuvayt shahrida bo’lib o’tgan yig’ilishida 2016-yili ushbu organga O’zbekiston raislik qilishi to’g’risidagi qaror qabul qilingan edi.

Shuni eslatib o’tish joizki, Tashqi ishlar vazirlari kengashi ahamiyati bo’yicha tashkilotning oliy organi – Islom sammitidan keyin ikkinchi o’rinda turadi va uning sessiyasi har yili a’zo mamlakatlardan birida o’tkaziladi. Mazkur o’ta muhim tadbir ushbu tizimning umumiy siyosatini amalga oshirish uchun asosiy yo’nalishlarni ishlab chiqish imkonini beradi. O’zbekiston tomoni hamkorlik samaradorligi va yangi istiqbollarning ochilishi ta’minlanishi uchun faol tayyorgarlik ishlarini olib bordi.

Masalan, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga tayyorgarlik doirasida respublikamiz Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rahbarligidagi O’zbekiston delegatsiyasi 2016-yil 23-28-iyul kunlari Jiddada bo’lib o’tgan Mansabdor vakillar hamda Iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy masalalar bo’yicha islom komissiyasi majlislarida ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar chog’ida IHT faoliyatining asosiy yo’nalishlari bo’yicha 100 dan ortiq loyihalar ko’rib chiqildi va ma’qullandi. Ular tasdiqlash uchun Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda bo’lib o’tadigan sessiyasiga kiritiladi.

Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik yo’li” shiori ruhiga mos ravishda O’zbekiston IHT davlatlarining intellektual, ilmiy-texnikaviy va texnologik salohiyatini mustahkamlash va yanada rivojlantirish masalalarini ushbu davr davomidagi ustuvorliklardan biri sifatida belgiladi. Shu nuqtai nazardan, bizning buyuk avlodlarimiz – islom dunyosi mutafakkirlari erishgan muvaffaqiyatlarni, ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo’shgan bebaho hissasini o’rganish va ommalashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. O’zbekiston islom madaniyatining noyob merosiga ega, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Al-Xorazmiy, Imom al-Moturidiy va boshqa buyuk allomalarning nomlari nafaqat islom olami, balki butun dunyo tarixida yaxshi tanilgan.

Yangi innovatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning boshqa yutuqlarini amaliyotga joriy qilish yo’llarini soddalashtirishga mo’ljallangan keng ilmiy-texnikaviy kooperatsiya respublikamiz raisligi davomidagi faoliyatning muhim yo’nalishlaridan yana biri sifatida belgilangan. O’zbekiston ilmiy-texnologik almashuvlar va ilm-fanning turli sohalarida qo’shma tadqiqotlar o’tkazilishi yo’lga qo’yilishini faol ilgari surish, bu bilan mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish va o’zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga ko’maklashish niyatidadir. Shuningdek, IHT doirasida, bu tashkilotga a’zo davlatlar va boshqa yetakchi mamlakatlar o’rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish hamda o’zaro manfaatli savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish zarurati alohida muhimlik kasb etmoqda. Negaki, islom dunyosi ulkan iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatga hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur’atlarini qo’llab-quvvatlashga imkon beradigan  energetika resurslariga ega.

Shunday qilib, O’zbekiston IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligi davrida tashkilotning ilmiy-ma’rifiy va madaniy-gumanitar salohiyatini kuchaytirish masalalariga alohida urg’u bergan holda musulmon davlatlarining samarali va nufuzli anjumani sifatida Islom hamkorlik tashkilotining rolini mustahkamlash yo’lini tutadi.

O’zbekistonda yuqorida sanab o’tilgan ustuvorliklarni hayotga tadbiq etish yo’li bilan musulmon hamjamiyatida tinchlik, xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash mumkin ekanligiga komil ishonch mavjuddir.

 

“Jahon” AA